- Korrupsiyaga qarshi kurashish
- Majlislar
- “III Toshkent Antikorrupsiya Forumi” bo’lib o’tdi.
“III Toshkent Antikorrupsiya Forumi” bo’lib o’tdi.

3-noyabr kuni poytaxtda “III Toshkent Antikorrupsiya Forumi” bo’lib o’tdi.
Forum Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tomonidan Milliy korrupsiyaga qarshi kurash kengashi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatlar bo’yicha boshqarmasi, BMT Taraqqiyot dasturi (PROON), AQSh Davlat departamentining xalqaro narkotik moddalar va huquqni muhofaza qilish faoliyatiga qarshi kurash bo’yicha byurosi (INL), Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda Janubiy Koreya, Qatar, Malayziya, Estoniya, Finlyandiya, Latviya, Gonkong va Markaziy Osiyo davlatlarining antikorrupsiya idoralari rahbarlari, Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi, Mintaqaviy muloqot, Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati yetakchi mutaxassislari, shuningdek, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, vazirliklar va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Forumning asosiy maqsadi — korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar va erishilgan natijalarni mahalliy va xorijiy hamkorlar hamda keng jamoatchilik bilan muhokama qilish, tajriba almashish, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlik doirasini kengaytirish, shuningdek, kelajakdagi rejalarni va yangi istiqbollarni muhokama qilishdan iborat.
Forum o‘z ishini yalpi majlisdan boshladi. Unda xalqaro va xorijiy amaliyot misollarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarnig mohiyati va ahamiyati haqida taqdimotlar qilindi. Ishtirokchilarga O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari ham taqdim etildi.
Forum doirasida Mintaqaviy antikorrupsiya platformasining ishga tushirilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu platforma Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi konventsiyasi qoidalarini samaraliroq amalga oshirish, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida tashabbus etilgan.
Platforma faoliyati korrupsiyaga qarshi samarali profilaktik chora-tadbirlar, xususiy sektorda korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish, aktivlarni qaytarish va xalqaro hamkorlik kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Yig‘ilish sessiyalar doirasidagi muloqotlar bilan davom etdi. Jumladan, birinchi sessiyada “Axborotdan foydalanish korrupsiyani oldini olishning samarali usuli sifatida” mavzusida Estoniya, Finlyandiya, BMT Taraqqiyot dasturi rahbarlari va boshqa mas’ul shaxslar jamiyatni korrupsiyaga qarshi islohotlar haqida xabardor qilish, huquqiy ong va madaniyatni oshirish, davlat idoralari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo’yicha samarali mexanizmlar yaratish, ochiq ma’lumotlardan foydalanish, jamoatchilik nazoratini qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ma’lumot berdilar.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston ishtirokchilari “Davlat organlari faoliyatini antikorrupsiya idoralari tomonidan muvofiqlashtirish” mavzusidagi sessiyada o‘z mamlakatlarining antikorrupsiya idoralari faoliyati misolida g‘oya va tajriba almashdilar. Shuningdek, ushbu sessiya doirasida Jahon banki va Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati mutaxassislari ishtirokida muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Malayziya, Qatar, Gonkong va Yevropa Kengashi vakillari “Korrupsiyaga qarshi ta’lim va tarbiya korrupsiyani oldini olishning mexanizmlari sifatida” mavzusidagi sessiyada korrupsiyaga qarshi ta’limdagi rollarini muhokama qildilar. Ishtirokchilar O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi ta’lim doirasida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, kelgusidagi rejalarni muhokama qildilar.
Ishtirokchilar xalqaro hamkorlikning korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi o‘ziga xos jihatlariga, uning istiqbollariga, huquqiy va institutsional asoslarni takomillashtirishga, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq islohotlarning amalga oshirilishiga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Forum doirasida korrupsiyaga qarshi ekspertiza va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, korrupsiyaga qarshi kurashda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan jamoatchilik nazorati shakllari kabi mavzularda interaktiv sessiyalar o‘tkazildi.
Dialoglar yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha mavjud siyosatni takomillashtirish, bu borada ko‘rilgan chora-tadbirlarning samaradorligi va sifatini baholash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Forum yakunida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlarida faol ishtirok etayotgan bir qator tashkilotlar va fuqarolarni taqdirladi.